O’zbekiston kurash federatsiyasining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda kurash federatsiyasi raisining yordamchisi Sardor Karimov, kurash federatsiyasi raisining birinchi o’rinbosari Baxtiyor Kadirov, sport masalalalari bo’yicha rais o’rinbosari Uyg’un Umarov, Milliy Olimpiya Qo’mitasining Kurash sport turini rivojlantirish bo’limi xodimlari, federatsiya xodimlari hamda murabbiylar ishtirok etishdi.
         Yig’ilishda kurash federatsiyasi raisining yordamchisi Sardor Karimov so’zga chiqib, joriy yilning 21-23 iyul kunlari Fransiyaning Parij shahrida bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o’tkaziladigan ochiq xalqaro turnirni yuqori saviyada o’tkazish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida to’xtaldi. Jumladan, Sardor Karimov ushbu turnir dunyoning eng nufuzli shaharlaridan birida an’anaviy tarzda o’tkazilib kelinayotgani, musobaqaning nufuzi yildan-yilga oshib, qamrovi kengayayotganini e’tirof etdi.
         Shuningdek, yig’ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan kurash federatsiyasi raisining birinchi o’rinbosari Baxtiyor Kadirov, sport masalalalari bo’yicha rais o’rinbosari Uyg’un Umarov turnirning tashkiliy jihatlariga to’xtalib, Parij shahridagi Centre sportif Emile Anthoine maydoni ushbu musobaqani o’tkazish uchun tanlangani va bu maskan shaharning markaziy qismidagi eng muhtasham sport majmuasi ekanligini e’tirof etishdi.
         Yig’ilishda shuningdek, mazkur musobaqani yuqori saviyada o’tkazish, mahalliy va xorijiy OAVlarda keng yoritish, ko’ngillilar bilan ishlash hamda ochilish jarayonidagi barcha tashkiliy va texnik jarayonlarga mas’ullar belgilab olingani e’tirof etildi.