Qoidalar

Musobaqa Nizomi

    • Kurash qoidalariga rioya qilgan holda musobaqa o‘tkazuvchi davlat tashkiloti yoki federatsiya tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi;
    • Musobaqaningnizomida quyidagilar qayd etilishi lozim:

1. Musobaqa turi.

2. Musobaqaning maqsad va vazifalari.

3. Qatnashuvchi tashkilotlar va jamoalar, qatnashuvchilar (sport tasnifi, yoshi, jinsi, qaysi jamoadan ekanligi).

4. Musobaqa o‘tkazish joyi va vaqti.

5. Musobaqaning ochilish marosimi.

6. Musobaqa o‘tkazish tartibi.

7. Musobaqada ishtirok etish shart — sharoitlari.

8. Musobaqani o‘tkazishga ma’sul tashkilot.

9. Hakamlar hay’ati.

10. Kurashish vaqti.

11. Tanaffus vaqti 20 daqiqa.

12. Musobaqada ishtirok etish uchun talabnomalar berish muddati.

13. Tibbiy nazorat va tozalikni ta’minlash tartibi.

14. Mandat komissiyasiga tavsiya etiladigan hujjatlar.

15. Noroziliklar bildirish va ularni ko‘rib chiqish tartibi.

16. Musobaqa o‘tkaziladigan sana va xar bir vazn toifasida bellashuvlar boshlanish vaqti.

17. Musobaqa g‘oliblarini va sovrindorlarni mukofotlash tartibi.

18. Musobaqaning yopilishi marosimi

Musobaqa turlari

1. Shaxsiy chempionat.

2. Jamoa chempionati.

3. Shaxsiy va jamoalar chempionati.

4. Ochiq gilam chempionati.

5. Mutloq chempionat.

  • Shaxsiy chempionat: Xar bir kurashchining musobaqadagi olgan o‘rnini aniqlash uchun o‘tkaziladi. Musobaqa oxirida xar bir vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi;

  • Jamoalar chempionatida: xar bir jamoaning olgan o‘rni aniqlanadi;

  • Shaxsiy va jamoalar chempionatida: xar bir qatnashchining olgan o‘rni va shunga qarab xar bir jamoaning olgan o‘rni aniqlanadi;

  • Ochiq gilam chempionatida: Xar bir kurashchi o‘zining sport klassifikatsiyasi, unvoni va mahoratini oshirish uchun kurashadi; Xohlovchi xar qanday jamoa ishtirok etishi mumkin;

  • Mutloq chempionatda: Xar qanday kurashchi vazn toifasidan qat’iy nazar (bosh hakam ruhsati bilan) qatnashish xuquqiga ega;

  • Jamoa — jamoa bilan gilamga chiqib vazn buyicha ketma — ket kurashiladi;

 

Musobaqa o‘tkazish tartibi

  1. Musobaqalar olimpiya sistemasi bo‘yicha, qayta kurashuvsiz o‘tkaziladi;
  2. Zarur bo‘lgan xolatda IKA ruhsati bilan nizomga o‘zgartirish kiritish mumkin;
  3. Xamma polvonlar orasida kuchlilarini xisobga olib ikki (A va B) guruhga bo‘linadi;
  4. Kurashchining tartib raqami qur’a tashlash yuli bilan belgilanadi va musobaqa tugagunga qadar saqlanib qoladi;
  5. Juft raqamli kurashchilar A guruhiga, toq raqamli kurashchilar B guruhiga yoziladilar;
  6. G‘olib chiqqan kurashchi keyingi davra musobaqalariga quyiladi;
  7. A va B guruh g‘oliblari finalga chiqadilar va 1 — 2 o‘rinlar uchun kurashadilar;
  8. Finalga chiqqan kurashchilarga g‘alabani boy bergan kurashchilar 3 — o‘rinni egalaydilar.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlarni mukofotlash tartibi

1 — 2 o‘rinlarni egallagan kurashchilar finalda kurashgan rangli (yashil va ko‘k) yaktaklarida taqdirlashga chiqadilar. 3 — o‘rinni egallagan kurashchilar xam yashil va ko‘k yaktakda bo‘lishlari shart.

 

Tanishing

Tanishtirish iborasi.

  • Gilamda turgan kurashchilarni o‘rtadagi hakam chap yoki o‘ng qo‘li bilan ko‘rsatadi.

  • Izoh;Bu ishora g‘alaba qilgan kurashchiga nisbatan xam ishlatiladi;

« T a ‘ z i m »

Kurashchilar salomlashishi uchun ishlatiladigan iborasi.

  • Bu iborani ishlatganda hakam ikkala qo‘lini kaftlari bilan oldinga qaratgan xolda yon tomonga ochib, keyin barmoqlari yuqoriga qaragan xolda balanddan bukib, qo‘llarini ichkariga aylantirish ishorasini qiladi, bu vaqt ikkala qo‘lning barmoqlari bir — biriga uchma — uch xolga kelishi kerak.

« O‘ r t a g a »

Kurashish maydoniga chorlovchi iborasi.

  • Hakam qo‘llarini ikki tomonga yoygan xolatda qo‘l kaftlarini bir — biriga qaratib, yelka kengligiga olib keladi.

« K u r a sh »

Kurashga chorlovchi iborasi.

  • Hakam o‘ng qo‘lini kaftlari bilan yon tomonga qaratgan xolda tirsakdan bir oz bukib ishora qiladi.

« To‘ x t a »

Kurashni to‘xtatish iborasi.

  • Bu vaqtda hakam o‘ng qo‘lini kafti bilan oldinga qaratgan xolda (barmoqlar bir joyga jipslashgan) oldinga cho‘zib ishora qiladi.

Izox;

1.Usul qo‘llab baho olinganda;

2.Kurashchilardan birortasi usul to‘liq qo‘llanmasdan tizzasi gilamga tegsa;

  1. Gilamdan kurashchilar chiqib ketsa;

  2. Hakamning «To‘xta» buyrug‘ini eshitmasalar, o‘rtadagi hakam tezda ularga yaqinlashib to‘xtatishi shart;

Xalol G‘alaba Kurashning Asosiy Mezonidir

« X A L O L »

Sof g‘alaba iborasi.

  • Hakam baland ovoz bilan qo‘l kaftini yuqoriga barmoqlari jips xolda ko‘taradi.

Izox;

  1. Tezlik bilan chiroyli usul qo‘llab raqibining ikki kuragini gilamga tekkizsa;

  2. Kurashchi usul qo‘llab o‘zi ikki kuragiga yiqilsa raqibiga «Halol» beriladi;

  3. Raqibining ikki oyog‘ini xavodan aylantirib, chiroyli usul qo‘llab tezlik bilan to‘liq bir kuragini gilamga tekkizsa xam beriladi;

  4. «G‘irrom» ogohlantirishini olganning raqibiga beriladi;

  5. Kurashchi 3 daqiqa ichida gilamga chiqmasa;

« T A N B E H »

Birinchi ogohlantirish iborasi.

  • Hakam kurashchi tomonga burilib, qo‘lini oldinga cho‘zgan xolda barmog‘i bilan tanbeh olgan kurashchini ko‘rsatadigan ishora.

Izox;

  1. «Tanbeh» ogohlantirish 10 — 15 soniya ichida usul qo‘llamasdan ximoyaga o‘tgan kurashchiga beriladi, (blok qo‘yish, qo‘l panjalarini ushlash, ataylab qochish, oyog‘iga usulsiz tepish);

  2. Raqibini gilamdan surib chiqarsa yoki o‘zi qochib chiqsa;

  3. Ataylab yaktak yoki ishtonini, hakam ruhsatisiz yechib yuborsa;

  4. Raqibning ishtoni yoki oyoqlaridan ushlasa;

  5. Raqibiga nisbatan xurmatsizlik qilsa;

  6. «Kurash» iborasidan keyin xar 25 — 30 soniya ichida aniq usul qo‘llamagan kurashchiga majburiy «Tanbeh» beriladi;

  7. Ikkala kurashchi xam aniq usul qo‘llamasa ularga birdaniga «Tanbeh» berish mumkin;

  8. Yuqoridagi xolat davom etsa, keyingi ogohlantirish beriladi;

  9. Kurashchi 1 daqiqada gilamga chiqmasa «Tanbeh» beriladi;

  10. Xar bir berilgan ogohlantirishni kerak bo‘lsa ishoralar orqali qo‘l harakatlari bilan ko‘rsatiladi.

« D A K K I »

Ikkinchi ogohlantirish iborasi.

  • Hakam qo‘lini musht qilib tirsagidan bukib (900) ishora qiladi.

  • Qo‘l barmoqlar musht xoliga kelgan va kaft old tomonga qaragan bo‘lishi kerak.

Izox;

  1. «Dakki» faqat «Tanbeh» olgandan keyin beriladi;

  2. Takroran, aniq xatoga yul qo‘ygan kurashchiga beriladi;

  3. Kurashchi 2 daqiqada gilamga chiqmasa «Dakki» beriladi;

« G‘ I R R O M »

Oxirgi ogohlantirish iborasi.

  • Hakam kurashchi tomongga burilib, qo‘lini kaftlari bilan pastga qaratgan xolda yon tomonga cho‘zib ikki — uch marta pastga silkitib ishora qiladi.

Izox;

  1. «Dakki» olgan kurashchi takroran aniq xato qilsa;

  2. «G‘irrom» birdaniga xam berilishi mumkin. Hakamga, raqibiga o‘ta qo‘pollik qilsa;

  3. Xar qanday vaziyatda xam «G‘irrom» berishdan oldin gilamni boshqarayotgan hakamlar kelishib ko‘pchilik fikri bir bo‘lsa;

  4. Agar kurashchi raqibiga ongli ravishda og‘ir jarohat yetkazsa, «G‘irrom» e’lon qilinib, shikastlangan kurashchiga «Halol» beriladi;

  5. Kurashchi 3 daqiqada gilamga chiqmasa «G‘irrom» ogohlantirish beriladi;

« B E K O R »

Baholanmagan usul iborasi.

  • Hakam qo‘lini kafti bilan yon tomonga qaratgan xolda (barmoqlari jipslashgan) oldinga cho‘zib ikki — uch bor chapga va o‘ngga harakatlantirib ishora qiladi.

Izoh;

  1. «To‘xta» ishorasidan keyin usul qo‘llansa;

« V A Q T »

Vaqt tugaganligini ko‘rsatish iborasi.

  • Hakam ikkala qo‘lini yuqoriga ko‘tarib kaftlarini bir — biriga qadagan xolda bilakdan qo‘shib ishora qiladi.

« J A Z O »

Tenglik paydo bo‘lganda ishlatiladigan iborasi.

— Kurash davomida kurashchilar vaqtning oxiriga kelib tenglik paydo bo‘lsa, o‘rtadagi hakam kurashni to‘xtatib, kurashchilarga «Jazo» e’lon qiladi.

Izoh;

  1. Ikki kurashchi bir – biriga tik, yuzma — yuz turgan xolatda, boshlarini yelkalariga qo‘yib, o‘ng qo‘l raqib chap qo‘l ostidan o‘tkazib, belbog‘dan ushlab olib kurashtiriladi (qo‘llar oralig‘i 20 sm. bo‘lishi kerak).

  2. Imkoniyatlar bir xil bo‘lishi shart.

  1. Kurashchilardan birortasi bila turib kurashdan bosh tortsa yoki qo‘lini belbog‘dan chiqarib olsa, hakamlar bir fikrga kelgan holda “G‘irrom” beriladi.

  2. Kurashchilar usul qo‘llab bir xil holatda yiqilsa jazo takrorlanadi.

  3. Kurashchilardan biri usul qo‘llab oxiriga yetkazmasdan tizzasi gilamga tegsa, unga nisbatan ogohlantirish berilib g‘alaba raqibga beriladi.

UMUMIY QOIDALAR

  1. Kurash faqat tik holatda, raqibiga xavf tug‘dirmaydigan usullar qo‘llash orqali kurashiladi.

  2. Tik holatda bajarilgan usullar oxiriga yetkazilsa hakamlar tomonidan baholanadi.

  3. Kurashda usul gilamning ichkarisida boshlanib gilam xavfli chizig‘idan tashqarida nihoyasiga yetsa, baholanadi.

  4. Kurashchilarning natijalari e’lon qilingandan so‘ng, hakamlar qarori qat’iy hisoblanadi va qayta muhokama qilinmaydi.

Taqiqlangan harakatlar

  1. «To‘xta» ishorasidan keyingi harakatlar.

  2. Raqibning ishtonidan yoki oyog‘idan ushlab olish.

  3. Raqibning hayotiga xavf tug‘diradigan harakatlar (boshi bilan gilamga qadash) yoki o‘ziga xavfli bo‘lgan, texnik usullarni qo‘llash.

  4. Bo‘g‘ish va og‘ritish usullarini qo‘llash.

Kurash qoidasidan tashqari favqulotda vaziyatlar

  • Agar kurash qoidasida ko‘rsatilmagan vaziyat ro‘y bersa u xolda gilamdagi hakam yon hakamlar bilan maslahatlashadi. Bunda xam bir qarorga kelinmasa, bu vaziyat bosh hakam va hakamlar hay’ati bilan maslahatlashib yechilishi lozim.

Kurash boshlanishi va tugashi

  1. Gilam hakamlari gilamga chiqishdan oldin qator bo‘lib ta’zim qiladilar. Yon hakamlar bir qadam oldinga chiqib bir — biriga qarab uch hakam tazim qiladi.

  2. O‘rtadagi hakam ularni o‘rniga borguncha kutadi va ular yana ta’zim qilib kursiga o‘tirgandan so‘ng gilamdagi hakam kurashchilarni maydonga taklif qiladi. Chiqib ketish, favqulotddagi holatlarda kelishish uchun xam shu tarzda takrorlanadi.

  3. Kurashchilar xam gilamga chiqishdan oldin va uni tark etishda, kurash maydoniga kirishda va undan chiqishda, xar bir bellashuv boshlanishida va oxirida o‘ng qo‘llarini chap ko‘krakka qo‘yib ta’zim qiladilar.

  4. Ogohlantirish olgan kurashchi e’tirozi yo‘qligini bildirib tazim qilishi shart.

  5. Hakam olishuv natijasini e’lon qilgandan so‘ng kurashchilar yana bir bor o‘ng qo‘llarini chap ko‘ksiga qo‘yib bir — birlariga ta’zim qiladilar va gilamdan chiqib ketadilar.

  6. Hakam va yon tomondagi hakamlar tayyorgarlik holatida, kurashchilar gilamga chiqishlaridan oldin turishlari shart.

  7. «TA’ZIM» bo‘yin va gavdaning egilishi orqali bajariladi.

  8. Agar kurashchilar ta’zimni bajarmasalar, hakam uning bajarilishini talab qilishi shart.

  9. Gilamdagi hakamlar gilamning usti tekis, toza, gilamlar orasi ochiq bo‘lmasligiga, yon hakamlar kursilari o‘z joylarida joylashishlariga va kurashchilar belgilangan qoida talablariga e’tibor qaratishi shart.

  10. Hakam gilam o‘rtasida, e’lon qiluvchi hakamga qarab tik holatda turishi kerak.

  11. E’lon qilinish tartibi:

Halol

10 : 0

G‘irrom

0 : 10

Tanbeh

0 : 3

Dakki

0 : 5

Tanbeh — Tanbeh

JAZO

Dakki — Dakki

JAZO

Tanbeh — Dakki

5 : 0

Dakki — Tanbeh

0 : 5

HAKAMLAR HAY’ATI RAISI

  • Xar bir musobaqa o‘tkazilishidan oldin, o‘z hududida musobaqani o‘tkazayotgan tashkilot, musobaqada xizmat qiluvchi hakamlar ro‘yxatini va ular orasidan tajribasiga qarab bosh hakamni tavsiya qilib, musobaqa miqyosiga qarab kurash federatsiyasiga taqdim qiladi va federatsiya yoki tegishli tashkilotlar tomonidan tasdiklangan hakamlar ana shu musobaqada xizmat qilishga haqlidirlar.

  • Xalqaro turnirlar, qit’alar chempionati va birinchiligi, jahon chempionat va birinchiligi, Osiyo, olimpiya o‘yinlari dasturidagi kurash musobaqalarida faqatgina Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi hakamlar hay’ati raisi tomonidan tasdiqlangan va maxsus sertifikatga ega bo‘lgan hakamlar faoliyat ko‘rsatadilar.

  • Musobaqalarning kurash qoidalari asosida tashkil etilishi va o‘tkazilishiga bevosita ma’suldir.

  • Musobaqani o‘tkazuvchi hakamlar tarkibi:

  1. Bosh hakam;

  2. Bosh hakam yordamchilari soni musobaqalar o‘tkaziladigan gilamlar sonidan bir kishiga ko‘p bo‘lishi lozim;

  3. Gilamdagi hakamlar va yon hakamlar;

  4. Vaqtni nazorat qiluvchi hakam;

  5. Tablodagi hakam;

  6. E’lon qiluvchi hakam;

  7. Musobaqaning tibbiy xodimi (shifokor);

Bosh hakam

  1. Hakamlarni gilamlarga taqsimlaydi;

  2. Gilamdagi jarayonni boshqaradi;

  3. Musobaqa boshlanishidan oldin hakamlar majlisini o‘tkazadi;

  4. Hakamlarning musobaqaga tayyorgarligini va musobaqa jarayonini baholab boradi;

  5. Xar kunlik musobaqalar yakunidan so‘ng hakamlar, murabbiylar va jamoalar vakillari bilan birgalikda, musobaqa jarayoni, natijalari hamda hisobotini ko‘rib chiqadi, musobaqa davomida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar aytilib o‘z huquqi doirasida bartaraf etadi;

  6. Hakamlar hay’atiga ma’lum qilgan xolda, kurash qoidasini qo‘pol ravishda buzgan yoki rioya qilmagan hakamni musobaqadan chetlashtirishi mumkin;

  7. Musobaqada ishtirok etishga ruxsati bo‘lmagan yoki kurash qoidalarini buzgan kurashchilarni xam musobaqadan chetlashtirishi mumkin;

Bosh hakamga yuklatilgan kurash musobaqasini yuqori saviyada o‘tishini ta’minlaydi.

Bosh hakam o‘rinbosari

  1. Bosh hakam musobaqada vaqtincha bo‘lmagan paytda uning ruhsati bilan o‘rinbosar hakamlardan biri uning vazifalarini bajaradi;

  2. Kurashchilarning natijasini va keyingi kurashchilar tayyorlanishni 30 daqiqa oldin e’lon qilib boradi;

  3. O‘rtadagi hakamlarni, kotibni, vaqtni nazorat qiluvchi hakamni, tablodagi hakamni nazorat qilib turadi va almashtiradi;

Gilamni boshqaruvchi hakamlar

Gilamni boshqaruvchi hakamlar yoshi 40 dan oshmasligi kerak.

(Xalqaro tillardan birini bilishi shart).

  • Gilamdagi hakamlar o‘ta hushyor, sezgir va xar bir holatni tezlik bilan boshqaradigan bo‘lishlari shart;

  • Xalqaro hakamlik unvonlariga ega bo‘lgan hakamlar yoshidan qat’iy nazar bosh hakam ruxsati bilan ishtirok etishi mumkin;

  • Hakamlar harakati, bosh hakam va hakamlar hay’ati tomonidan nazorat qilib boriladi;

  • Gilamdagi uchta hakam qarori bir fikrda bo‘lsa muhokama qilinmaydi;

Agarda ular kurash qoidalariga zid xatti — harakat qilsalar, hakamlik hujjatidan mahrum qilinib, ushbu musobaqadan chetlashtiriladi va tegishli tashkilotga yuboriladi;

  1. Kurash boshlanishidan oldin gilamga chiqqan kurashchilarning gigienik holati, kurash kiyimi qoida talablariga javob bermasa, qayta kiyinib (ruxsat qilingan vaqt ichida ) chiqishni talab qiladi;

  2. Kurashchilarning qoidaga qat’iy rioya qilinishini kuzatib boradi;

  3. Kurash davomida yon tomonlarida o‘tirgan hakamlarning baholarini xam kuzatib boradi;

  4. Kurash davomida beriladigan yoki ogohlantirishlarni e’lon qilish uchun o‘rtadagi hakam bellashuvni («To‘xta» komandasi bilan) to‘xtatib 8 — 10 soniya vaqt ichida tegishli ogohlantirishni berib, (bu vaqt ichida kurashchilar kiyimlarini tartibga solib o‘z joylarida turishlari lozim) «Kurash» deb qaytadan Kurashni boshlashi kerak;

  5. Vaqtni kuzatib boruvchi hakamning bildirishi bilan o‘rtadagi hakam belgilangan olishuv vaqti tugaganligini «Vaqt» iborasini aytib, ishorasini qo‘l bilan ko‘rsatib, olishuvni to‘xtatishi kerak;

  6. Gilamdagi hakam ishoralarni kurashchilarning yaktak rangiga qarab o‘ng va chap qo‘li bilan ko‘rsatadi;

Yon tomondagi hakamlar

  1. Yon tomondagi hakamlar mustaqil xolda kurashchilarning harakatlarini kuzatib boradilar.

  2. Kurashchilar harakatini baholashda gilamdagi uchta hakamdan ko‘pchilik fikri bilan ish yuritiladi.

  3. Agar fikrlar xar xil bo‘lsa, bir fikirga kelish uchun maslahatlashib olishlari kerak.

  4. Yon tomondagi hakamlar bir — biriga qarama — qarshi tomonlardagi kursilarda o‘tirishadi, olishuv davomida zarurat tug‘ilib qolsa, yon tomondagi hakam kurashchilarni tik turib kuzatishi xam mumkin.

  5. Agar kurashchilarning biriga yoki ikkalasiga xam qisqa fursatga gilamdan chiqish zarur bo‘lib qolsa, yon tomondagi hakamlardan biri hamroxlik qilishi zarur.

Tablodagi hakam

  1. O‘rtadagi hakam e’lon qilgan xar bir ogohlantirishlarni ekranda ko‘rsatib boradi.

  2. Agar o‘rtadagi hakamning e’lon qilgan natijalarni ko‘ra olmay yoki eshita olmay qolsa, gilamni boshqaruvchi hakamdan aniqlab oladi.

  3. Ekranda ogohlantirishlar ikki xil rangda ko‘rsatilishi uchun joy bo‘lishi lozim.

  4. Ekranda aks ettirilgan ogohlantirish gilamda kurashchilardan birining g‘olib chiqqanligini e’lon qilguncha turishi shart.

E’lon qiluvchi hakam

— E’lon kiluvchi hakam aniq va ravon tushunarli gapiradigan bo‘lishi, xalqaro tillardan birini va Kurash qoidasini yaxshi biladigan ayol yoki erkak tanlanishi shart.

  1. Gilamga chiqqan xar bir kurashchi xaqida ma’lumot berib boradi.

  2. Gilamni boshqarayotgan hakam va gilamdagi hakamlar xaqida xam tomoshabinlarga ma’lumot berib boradi.

  3. Musobaqaning kun tartibini, qaysi vazn toifasida, kimlar o‘rtasida bellashuv bo‘lishini, qaysi kurashchilar tayyorlanib turishini e’lon qilib boradi.

  4. Musobaqa va kurashga taalluqli bo‘lmagan e’lonlar faqat bosh xakam yoki uning o‘rinbosarlari ruhsati bilan beriladi.

Vaqtni kuzatuvchi hakam

  1. Vaqtni kuzatuvchi hakam, kurashchilar agar uzrsiz kechikib kelsalar vaqtiga qarab ogohlantirish beradi.

  2. Olishuv vaqtining xar bir daqiqasini nazorat qilib hisoblab boradi. Agar olishuv davomida kurashchi tibbiy yordam olsa yoki boshqa sabablar bilan olishuv to‘xtatilsa hammasini hisoblab, Bosh hakamni xabardor qilishi shart.

Musobaqa shifokori

  • Musobaqalar boshlanishidan oldin kurashchilar sog‘ligi xaqida hujjatni, quyilgan imzo va muhrlarni tekshirishi, ko‘rib chiqishi shart, agar sog‘ligi to‘g‘risida kamchilik bo‘lsa kurashchining gilamga chiqish — chiqmasligi uchun shifokor masuldir.

  1. Kurashchilar vaznlari o‘lchanayotgan vaqtda ularni ko‘zdan kechirib boradi.

  2. Musobaqa o‘tadigan inshootni va kurash gilamlarini xamda kurashchilar formalarining tozaligini nazorat qiladi.

  3. Musobaqa davomida olingan jarohatni davolab boradi.

  4. Kurashchi jarohat olib, 3 daqiqa davomida gilamga chiqmasa, shifokorning ruxsati bilan musobaqadan chetlashtirilib, g‘alaba raqibiga beriladi.

Sport direktori

  1. Musobaqaning yuqori saviyada, kurash qoidalariga asosan tashkil qilinishi va o‘tkazilishiga mas’ul shaxsdir. Sport direktorining tegishli ko‘rsatmalarini kurashchilar, guruh boshliqlari, murabbiylar va barcha qatnashchilar bajarishlari shart.

— Sport direktori vazifalari:

  1. Sport komissiya a’zolarini tuzadi;

  2. Musobaqa o‘tkaziladigan joy, (sport zali yoki stadion) anjomlar va gilamlarning tayyorligini tekshiradi;

  3. Qur’a tashlash jarayonida kuchli kurashchilarni ikki guruhga bo‘ladi;

  4. Musobaqa jadvalini tuzadi;

  5. Jinsiga qarab kurashchilarni tarozida tortish uchun vakillarni va alohida xonalarni belgilaydi;

  6. Qo‘pollik qilgan yoki Kurash qoidalarini buzganliklari uchun xar qanday guruh vakillari va murabbiylarini ogohlantirishi yoki musobaqadan chetlatishi mumkin;

  7. Musobaqa qay darajada tashkil qilinganligi va o‘tkazilganligi haqida yozma hisobot bayonini to‘ldirib, tegishli tashkilotga topshiradi;

— Sport direktori xuquqlari:

  1. Musobaqa o‘tkazish inshooti, anjomlari va gilamlar tayyorlanmagan bo‘lsa, musobaqa o‘tkazishni taqiqlashi va boshqa muddatga ko‘chirishi mumkin;

  2. Musobaqa qanday o‘tganligi haqida komissiya azolarini yig‘ib muhokama qiladi;

  3. Musobaqa jarayonida, uni yuqori saviyada o‘tkazishga xalaqit beradigan xol yuzaga kelib qolsa, musobaqani vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin;

  4. Musobaqa jadvaliga o‘zgartirish kiritishi mumkin;

Eslatma: Hakamlar hay’ati raisi va sport direktori kelishgan xolda ish yuritadilar.

Musobaqa komendanti

— Musobaqa o‘tadigan sport zali, stadion yoki maydon, kurash tushadigan gilam, hakamlar uchun stol-stul va boshqa anjomlarning tayyorligiga mas’ul, musobaqaning tinch o‘tishiga xam javobgar shaxs;

Eslatma: Musobaqa komendanti sport direktori topshirig‘iga binoan ish olib boradi.

Musobaqa bosh kotibi va kotiblari

  • Bosh kotib va kotiblar sport direktori rahbarligida ish olib boradi.

  1. Bosh kotib musobaqa qatnashchilari mandat komissiyasidan o‘tayotgan vaqtda kurashchilarning hujjatlarini tekshirib boradi;

  2. Bosh kotib, hakamlar majlisini, musobaqa va olishuv bayonnomalarini, kurashish tartibini va boshqa hujjatlarni yozib boradi;

  3. Kotiblar o‘z gilamidagi bayonnomalarini yozib boradi;

  4. Kotiblar kurashchilar baholarini va ogohlantirishlarni nazorat qog‘oziga yozib boradilar;

  5. Bosh kotib sport direktori bilan birga musobaqaning hisobot bayonnomasini to‘ldirib, unga imzo qo‘yib topshirishga mas’ul shaxsdir;

Kurashchilar vaznlarini aniqlash tartibi

  1. Musobaqaning qaysi kuni qanday vazn toifalarida Kurash o‘tkazilsa, o‘sha vazn toifasida qatnashuvchi kurashchilarning vaznlari musobaqa boshlanishidan bir kun oldin o‘lchanadi.

  2. Vaznlarni o‘lchash 1 (bir) soatdan ortiq davom etmasligi kerak, agar qatnashuvchi ko‘p bo‘lib, bir tarozida o‘lchab ulgurmasa, sport direktori ruxsati bilan tarozini ikkita yoki uchta qilishi mumkin, ammo xar bir vazndagi kurashchilar bitta tarozida o‘lchanishi shart.

  3. Kurashchilar o‘lchanishga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kirishlari shart.

  4. Vaznini o‘lchatmagan kurashchi, shu vazn toifasidagi bellashuvga qo‘yilmaydi.

  5. O‘lchanish paytida kurashchilar pastki ich kiyimidan boshqa kiyimda bo‘lmasliklari shart.

  6. Kurashchilar vaznlarini aniqlash jarayonida sport direktori tomonidan tuzilgan komissiya ishtirok etadi.

  7. Komissiya a’zosi, tibbiyot xodimi, 2 — 3 ta kotib bo‘lishi kerak. Tarozidan vaznini aniqlab o‘tgan kurashchilar familiyasi o‘lchanish bayonnomasida qayd qilib boriladi.

  8. Qizlar uchun alohida xona. Sport direktori tomonidan belgilangan ayol komissiya a’zosi tarkibida o‘lchanish o‘tkazilishi shart.

  9. Sport direktori va hakamlar hay’ati raisi maslahatlashgan xolda faqat xalqaro turnirlar, ochiq chempionatlarda kurashchilarning vazni 2 kg. gacha og‘ir bo‘lishiga ruxsat berishi mumkin.

Kurashchilar yoshi, vaqti, vazni

Kurashchilar

Yoshi

Vaqti

(daqiqa)

Vazn toifalari

1

O‘spirin yosh bolalar

4-7

2

-8* 9 * 10* 11* 12* 13* 15* 17* 19 +19

O‘spirin yosh qizlar

4-7

-8* 9* 10* 11* 12* 13* 15* 17 +17

2

O‘spirin yosh bolalar

8-11

3

-20* 21* 23* 25* 27* 30 *33 +33

O‘spirin yosh qizlar

8-11

-18* 19* 20* 22* 24* 27 +27

3

O‘spirin yosh bolalar

12-13

-33* 36 *40 *44 *48* 52* 56* 60*65*70 +70

O‘spirin yosh qizlar

12-13

-30* 33* 36* 40* 44* 48* 52* 57 +57

4

O‘smir yosh bolalar

14-15

-38* 42* 46* 50* 55*60*65* 71* 77* 83 +83

O‘smir yosh qizlar

14-15

-33 * 36 * 40 * 44 * 48 * 52 * 57 * 63 +63

5

O‘g‘il bolalar

16-17

4

-42 * 46* 50* 55* 60* 65* 71* 77* 83 *90 +90

Qizlar

16-17

-36 * 40 * 44 * 48 * 52 * 57 * 63 * 70 +70

6

Yoshlar

18-20

-55 * 60* 66* 73* 81* 90* 100 +100

Yosh qizlar

18-20

-44 * 48 * 52 * 57 * 63* 70 +70

7

Katta yoshlilar

(yoshlar va erkaklar)

18-35

-60* 66* 73* 81* 90* 100 +100

Katta yoshlilar (qizlar va ayollar)

18-35

-48* 52* 57* 63* 70* 78* 87 +87

F a x r i y l a r

8

Erkaklar

35-45

45-55

55-65

65-80

2

-60* 65* 70* 75* 80* 85* 90* 95 +95

Ayollar

35-45

45-55 55-65

65-80

-48* 52* 57* 63* 70* 78* 87 +87

Eslatma:Yoshlar va katta yoshdagi polvonlar qaysi vaznda kurashishidan qat’iy nazar (Bosh hakam ruxsati bilan) mutlaq vaznda kurashishlari mumkin. Barcha vazn toifasidagi kurashchilar tibbiy ko‘rik ruxsati bilan musobaqada ishtirok etishlari shart, aks xolda Bosh hakam javobgardir.

JAMOA RAHBARLARI, MURABBIYLAR VA VAKILLAR

  • Sport direktori, Bosh hakam va yordamchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqiga faqat jamoa rahbari egadir.

  1. Sport direktori, bosh hakam va hakamlar qatorida jamoa boshlig‘i xam qur’a tashlashini o‘tkazishda qatnashadi;

  2. Jamoa rahbari kurashchilarning kiyimiga va ularning o‘z vaqtida gilamga chiqishiga xamda umumiy tartib — intizomiga javobgardirlar;

  3. Kurash jarayonida jamoa rahbarlari uchun joy ajratilib, ular o‘z o‘rinlarida bo‘lishlari shart;

  4. Jamoa rahbarlari yoki murabbiylari hakamlik guvohnomasi bo‘lgan taqdirda bosh hakam ruxsati bilan musobaqa hakamiga yordamlashishi mumkin;

  5. Yuqoridagilar amal qilmagan rahbarlar o‘z vazifasidan bo‘shatilib, bu haqida tegishli tashkilotlarga xabar qilinadi;

  6. Guruh murabbiyi olishuv vaqtida belgilangan joyda yoki gilam atrofida kamida 2 m. uzoq masofada turishi mumkin;

  7. Guruh murabbiyi o‘z kurashchisi tan jarohati olgan vaqtda belgilangan tartibda shifokor tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan vaziyatda hozir bo‘lib turishi mumkin, ammo gilam chetidagi va o‘rtasidagi hakamlar qaroriga itoat qilmasligi yoki ularni haqorat qilishi taqiqlanadi;

  8. Yuqoridagilarga guruh murabbiyi itoat etmasa, o‘rtadagi hakam olishuvini bosh hakamdan murabbiyga «Dakki» ogohlantirish berishni talab qilishi mumkin, bu xol yana qaytarilsa, gilamdagi bosh hakam «G‘irrom» ogohlantirishini e’lon qilib uni ushbu musobaqadan chetlatishi mumkin;

Kurashchilarga qo‘yiladigan talablar

  • Musobaqa qatnashchilaridan quyidagilar talab qilinadi:

  1. Shaxsni va yoshni bildiruvchi hujjat, yuqorida zikr etilgan maxsus liboslar, kurashchining mahorat darajasini aniqlovchi guvohnoma (razryad);

  2. Qaysi jamoaga mansubligi haqida muhrlangan guvohnoma, shifokor ruxsati haqida ma’lumot;

  3. Yuqorida ko‘rsatilgan hamma hujjatlar musobaqadan oldin mandat komissiyasida ko‘rilib, bosh shifokor va komissiya a’zolari tomonidan tasdiqlanadi;

  4. Yuqoridagi shartlar va talablarning bajarilishi uchun jamoa rahbarlari javobgardirlar;

  5. Bosh hakam ruxsati bilan yosh kurashchilar (16-17 yoshli) katta yoshdagi polvonlar orasidagi musobaqalarda xam qatnashishi mumkin;

  6. Musobaqada bir vaznda kurashgan polvonlar ikkinchi vaznda qatnashishi man etiladi, lekin ular mutlaq vaznda (bosh hakam ruxsati bilan) kurashishlari mumkin;

Qatnashuvchilar majburiyati

  • Musobaqa qatnashchilari quyidagilarga amal qilishlari lozim:

  1. Kurash qoidalariga ko‘ra ta’zim qilib gilamga kirishi, chiqishi shart;

  2. Kurash qoidasiga qat’iy rioya qilish;

  3. Hakamning topshiriqlariga bo‘ysunish;

  4. Qatnashuvchi hakamlar tomonidan chaqirilganda, zudlik bilan borish;

  5. Kurashchining kiyimi yaktak va ishton toza, quruq, yoqimsiz hid bo‘lmasligi, qo‘l va oyoq tirnoqlari, sochlari kalta olingan bo‘lishi, qizlarda uzun sochlar raqibiga xalaqit bermaydigan qilib yig‘ishtirib olinishi kerak;

  6. Gigiena qoidalarini bajarmagan kurashchini musobaqalarda qatnashish huquqidan mahrum qilish mumkin;

MUSOBAQALAR UCHUN KERAK BO‘LADIGAN SPORT ANJOMLARI

Xar bir gilam yonida quyidagi sport anjomlari qo‘yilishi shart.

  1. Stol va uchta stul;

  2. Ikkita yengil stul;

  3. Sekundomer (vaqtni ko‘rsatuvchi maxsus tablo);

  4. Mikrofon;

  5. Tablo (baholarini, sof vaqtini ko‘rsatish uchun kurash tugaganligi haqida tovush beradigan zang, gong);

  6. Ikkita yengil kursi yon hakamlar uchun xavfsizlik maydonining qarama-qarshi burchaklarida joylashtiriladi va ular ma’lumotlar tablosining ko‘rinish maydonini to‘sib qo‘ymasligi kerak;

  7. Ekran kurash maydonidan tashqarida, uni hakam va hakamlar komissiyasi, tomoshabinlar bemalol ko‘rishi mumkin bo‘lgan holda joylashishi, (xar doim nazorat uchun ekran bo‘lishi lozim) baholar tablosi talablarga javob berishi shart;

  8. Elektron soat ishlatilgan holda, mexanik soat tekshirish uchun ishlatiladi;

  9. Hakamni olishuv tugaganligi haqida xabardor qilishi uchun ekranda jarangdor ovoz ishlatiladi;

  10. Tomoshabinlar (matbuot, televideniya va boshqalar) musobaqalar o‘tkaziladigan maydonga 3 metrdan yaqin joylashishi taqiqlanadi;

  11. Elektron anjom — qo‘l uskunalarning ishdan chiqish holati yuzaga kelishi mumkinligi sababli, qo‘l sekundomeri (shaxmat soati) va tablo elektron anjomi bilan bir vaqtda ishlatilishi kerak;

Gilam

  1. Kurash gilamining minimal o‘lchami 10 x 10 m, 12 x 12 m, 14 x 14 m bo‘lishi, maksimal o‘lchami 16 x 16 m. Kurash gilami odatda ko‘k va och yashil ranglardan iborat material bilan qoplanishi shart.

  2. Kurash gilami ikkita maydonga bo‘linadi. Bu maydonlarni ajratib turadigan chiziq «xavfli chiziq» deyiladi.

  3. Xavfli chiziq ichidagi maydon «xavfsiz maydon» deyiladi, uning minimal o‘lchamlari 8 x 8 m, maksimal o‘lchamlari esa 10 x 10 m.

  4. Xavfli chiziq tashqarisidagi maydon «xavfli maydon» deyiladi va eniga 3-m bo‘ladi.

  5. Kurash gilami yumshoq polda yoki maxsus platformada joylashishi, kurash gilami atrofida 1 m. dan kam bo‘lmagan bo‘sh maydon bo‘lishi shart.

  6. Kurash gilami quyidagi o‘lchamlarda bo‘ladi: 200 x 100 x 4 sm. yoki 5sm.

Hakamlar kiyimi

  • Hakamlar kiyimi — yashil kostyum va ko‘k shim, ko‘k paypoq, oq ko‘ylak va qizil galstuk (bosh hakam ruxsati bilan ob-havoga qarab ko‘ylakda xam hakamlik qilishi mumkin).