Farmon va Qarorlar

Keyingi yillarda asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va halollikning timsoli sifatida e’zozlanib kelingan, o‘zbek xalqining tarixiy merosi – “Kurash” milliy sport turini (keyingi o‘rinlarda kurash deb yuritiladi) qayta tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida kurash xalqaro sport turi sifatida keng e’tirof etildi, kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta” va “yonbosh kabi atamalar esa xalqaro sport lug‘ati tarkibidan mustahkam o‘rin egalladi. 1998 yil 6 sentyabrda ta’sis etilgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi bugungi kunda sayyoramizning beshta qit’asidagi 129 ta milliy federatsiyani birlashtirgan. 2010 yilda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi agentligining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. 2017 yil 20 sentyabrda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi kurashni xalqaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlariga, kelgusida esa Olimpiya o‘yinlari dasturiga ham kiritish bo‘yicha faol tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, mavjud ayrim kamchiliklar kurashni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:

birinchidan, “Kurash” milliy sport turini, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida, o‘sib kelayotgan avlodning milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar zamon talablariga javob bermayapti; ikkinchidan, mazkur sport turi bo‘yicha qobiliyatli kurashchilarni aniqlash va saralash hamda ularning mashq qilishi, shuningdek, murabbiy va hakamlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish imkonini beradigan klub va seksiyalarning yaxlit tizimi shakllantirilmagan; uchinchidan, yoshlarni ushbu sport turi bilan shug‘ullanishga kengroq jalb etishga qaratilgan xalqaro musobaqalar g‘oliblari va sovrindorlarini rag‘batlantirishning samarali tizimi joriy etilmagan; to‘rtinchidan, zarur moddiy-texnik baza va sport infratuzilmasining yetarli emasligi, sport anjomlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilmaganligi sportchilar mashg‘ulotlarini talab darajasida tashkil etishga hamda kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqda. “Kurash” milliy sport turini aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, o‘sib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jahon sport maydonida yuqori natijalarga erishishni ta’minlash maqsadida:

1. 6 sentyabr – “Kurash” milliy sport turi kuni sifatida belgilansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin: Nukus shahri va viloyat markazlarida “Kurash” milliy sport turi markazlari, har bir tuman (shahar)da zamonaviy sport klublari va seksiyalarini tashkil etish; kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlarni doimiy asosda tashkil etish va o‘tkazish; kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlar ishtirokchilarining avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasini joriy etish; “Kurash” yo‘nalishi bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul kvotalarini oshirish; mazkur sport turi bilan shug‘ullanish uchun jahon standartlariga javob beradigan “yaktak” sport kiyimlari va “kurash gilam”larini ishlab chiqarishni tashkil etish; kurashni, shu jumladan, reklama kampaniyalarini o‘tkazish va ijtimoiy roliklarni namoyish etish orqali ommalashtirish bo‘yicha media-reja ishlab chiqish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi “Kurash” milliy sport turini “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari dasturiga o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston kurash federatsiyasining O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida “Kurash” milliy sport turi markazi” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish va Toshkent shahar, Korxojaota ko‘chasi, 25-uy manzili bo‘yicha joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Toshkent shahar hokimligi “Kurash” milliy sport turi markazini mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha bepul joylashtirilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning bo‘linmalari faoliyatini muntazam qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, “Kurash” milliy sport turi markazi binosini rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik jihozlash uchun homiylik mablag‘larini jalb etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

6. Quyidagi tartib o‘rnatilsin, unga muvofiq: yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi (yalpi tushumi) O‘zbekiston kurash federatsiyasi faoliyatini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilgan badal, homiylik va xayriya yordam ko‘rinishidagi mablag‘lar miqdoriga, lekin soliq solinadigan foydaning (yalpi tushumning) o‘n foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamayadi; O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan sportchilar va murabbiylarga topshiriladigan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

7. Sportchilarni hammabop va sifatli sport kiyimlari va inventarlari bilan ta’minlash maqsadida asosiy faoliyati “yaktak” sport kiyimlari va (yoki) “kurash gilam”larini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar besh yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod qilinsin, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bundan mustasno.

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi: O‘zbekiston kurash federatsiyasining buyurtmalari bo‘yicha kurashni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan kirish vizalarini rasmiylashtirishni ta’minlasin; O‘zbekiston kurash federatsiyasiga xorijda kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalar va turnirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ko‘maklashsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston kurash federatsiyasining buyurtmalari bo‘yicha kurashni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishini va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

10. O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga sport musobaqalari va turnirlarini ommaviy axborot vositalarida muntazam va keng yoritish orqali kurashni ommalashtirishga ko‘maklashish tavsiya etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda: O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, O‘zbekiston birinchiligi g‘oliblarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish tartibini joriy etish haqidagi; O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullaev zimmasiga yuklansin. 

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                         Sh.MIRZIYOYEV 

 Toshkent shahri, 2017 — yil 2 — oktyabr  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 

Kurash – azal-azaldan olijanoblik, mardlik va halollik timsoli, xalqimizning bir necha ming yillik tarixga ega milliy-madaniy merosining bir qismi va bebaho boyligi hisoblanadi. Kurash haqidagi ilk ma’lumotlar Surxon va Zarafshon vohalari, Farg‘ona vodiysi, Sarmishsoy daralarida aniqlangan tasviriy san’at namunalari aks etgan osori-atiqalarda, qoyatoshlarda va g‘orlarda uchraydi. Mashhur antik tarixchi Gerodot o‘zining “Tarix” asarida kurash qadimda yurtimiz hududida joylashgan xalqlar urf-odati va an’analarining bir qismi ekanligini ta’kidlab o‘tgan. Buyuk Sharq hakimi va ma’rifatparvari Abu Ali Ibn Sino asarlarida kurash inson sog‘lig‘ini mustahkamlash usullaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temur davrida kurash askarlarning harbiy va jismoniy tayyorgarligini oshirishning asosiy usullaridan biri bo‘lgan. Pahlavon Mahmud, Jaloliddin Manguberdi, Darveshmuhammad singari bahodirlar kurashni butun dunyoga tanitishgan. Kurash nafaqat sport turlaridan biri, shu bilan birga milliy bayramlar va xalq sayillarining ajralmas qismi hisoblanadi. “Kurash” so‘zi “halol yo‘l bilan g‘alabaga erishish” ma’nosini anglatadi hamda o‘zida mardlik, kuchli iroda, halollik va raqibga nisbatan hurmatni aks ettiradi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin kurash bo‘yicha birinchi rasmiy turnir 1992 yil avgustda Shahrisabz shahrida o‘tkazildi. 1998 yil 6 sentyabrda hozirda sayyoramizning besh qit’asidagi 129 ta milliy federatsiyani birlashtirgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi ta’sis etildi. Bugungi kunga qadar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kurash bo‘yicha 500 dan ortiq xalqaro turnirlar o‘tkazildi. Yurtdoshlarimiz orasidan 300 nafardan ko‘proq sportchilar kurash bo‘yicha jahon, Osiyo chempionatlari va xalqaro turnirlarning g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan. Davlatimiz va Kurash xalqaro assotsiatsiyasining bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida “Kurash” xalqaro sport turi sifatida keng e’tirof etildi, “kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta” va “yonbosh” kabi atamalar esa xalqaro sport so‘z va iboralari qatoridan mustahkam o‘rin egalladi. 2010 yilda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi agentligining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. 2017 yil 20 sentyabrda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida kurash tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan kurashni xalqaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlariga, keyinchalik Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida kurashni yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, o‘sib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jahon sport maydonlarida yuqori natijalarga erishishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qarorda “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash nazarda tutildi. Dasturga muvofiq kurashni ommalashtirish va yoshlarning bo‘sh vaqtini sifatli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida Nukus shahri va viloyat markazlarida “Kurash” milliy sport turi markazlari, har bir tuman (shahar)da esa zamonaviy sport klublari va seksiyalari tashkil etiladi. Shuningdek, kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqalar va turnirlarni doimiy asosda tashkil etish va o‘tkazish, musobaqa va turnirlar ishtirokchilarining avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasini joriy etish, “Kurash” yo‘nalishida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul kvotalarini oshirish, mazkur sport turi bilan shug‘ullanish uchun jahon standartlariga javob beradigan “yaktak” sport anjomlari va “kurash gilam”lari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, kurashni ommalashtirish yuzasidan media-reja ishlab chiqish nazarda tutildi. Mazkur choralar aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kurashni rivojlantirish va ommalashtirishga, sport anjomlari va inventarlarini tayyorlash sohasida mahalliy brendni yaratishga, O‘zbekiston kurash federatsiyasi faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Kurash “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari dasturiga kiritiladi. Qarorga muvofiq 6 sentyabr mamlakatimizda “Kurash” milliy sport turi kuni etib belgilandi va bu Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tashkil topgan kun bilan ramziy ma’noda bog‘liqdir. O‘zbekiston kurash federatsiyasining moddiy-texnika bazasini sezilarli mustahkamlash, kurash bo‘yicha sportchilar va murabbiylarning ijtimoiy himoyasini oshirish imkonini beradigan qator imtiyozlar nazarda tutildi. Xususan, yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi O‘zbekiston kurash federatsiyasi faoliyatini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilgan badal, homiylik va xayriya yordam ko‘rinishidagi mablag‘lar miqdoriga, lekin soliq solinadigan foydaning o‘n foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamayadi. O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan sportchilar va murabbiylarga topshiriladigan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. Sportchilarni hammabop va sifatli sport kiyimlari va inventarlari bilan ta’minlash maqsadida asosiy faoliyati “yaktak” sport kiyimlari va (yoki) “kurash gilam”larini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar besh yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod qilinadi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bundan mustasno. Kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, O‘zbekiston birinchiligi g‘oliblarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish tartibi joriy etilmoqda. Jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb etish maqsadida O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida “Kurash” milliy sport turi markazi” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil qilish nazarda tutildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorini amalga oshirish “Kurash” milliy sport turini butun dunyoda yanada rivojlantirish va ommalashtirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘urur va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan avlodda mardlik, kuchli iroda, olijanoblik va raqibga hurmat kabi sifatlarni shakllantirishga kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.   

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

KURASH MILLIY SPORT TURINI RIVOJLANTIRISH VA UNING XALQARO NUFUZINI YANADA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Qadimiy qadriyatlarimiz, xususan mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz bo‘lgan kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu qadriyatimizni umumjahon durdonasiga aylantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, kurashning tobora ommalashib borayotganligi nufuzli xalqaro musobaqalarni tashkil qilishga, mavjud infratuzilma va moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilishga, sport inventarlari va kiyimlari ta’minotini yaxshilashga, bu borada ishlab chiqarishni kengaytirishga, shuningdek, soha uchun malakali kadrlar, trenerlar va hakamlar tayyorlashga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan kurash sportining boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, o‘zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning, shuningdek, jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Kurash milliy sport turini (keyingi o‘rinlarda — kurash) rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish hamda O‘zbekistonda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish;

kurashni ommalashtirish, uning jahon sporti durdonasiga aylanishiga va Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish;

kurash bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish;

kurash bo‘yicha professional trenerlar, hakamlar tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, kurashning ilmiy-metodologik bazasini kuchaytirish;

o‘zbek kurashi brendini yaratish, investitsiyalarni jalb etgan holda yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlarini ishlab chiqarish, kurashni tijoratlashtirish choralarini ko‘rish;

kurashni aholi o‘rtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish.

2. O‘zbekiston kurash federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Turizm va sport vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik), Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

a) 2021-yildan boshlab har ikki yilda bir marta:

oliy ta’lim muassasalar talabalari o‘rtasida kurash bo‘yicha xalqaro musobaqani;

ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha xalqaro turnirlarni o‘tkazish;

b) 2020-yildan boshlab har yili bir marta davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” respublika musobaqasini o‘tkazish;

v) 2021 — 2025-yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan quriladigan hamda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Vazirlik huzuridagi kurash mahorat maktablarini (keyingi o‘rinlarda — kurash mahorat maktablari) bosqichma-bosqich tashkil etish;

g) Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi muassisligida Xalqaro kurash institutini qayta tashkil etish;

d) Vazirlik tasarrufidagi Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda O‘zbekiston kurash federatsiyasiga bepul foydalanishga berish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. O‘zbekiston kurash federatsiyasi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Vazirlik bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasini 2020-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xarita”) 2-ilovaga muvofiq;

2020 — 2025-yillarda kurashni ommalashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlar) 3-ilovaga muvofiq;

2023 — 2025-yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida yangi quriladigan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarining manzilli ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish va baholash mezonlariga erishishning pirovard maqsadi kurashni 2028-yilgacha Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan olimpiya sport turi sifatida tan olinishiga hamda Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish deb e’tirof etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va kurashni ommalashtirish bo‘yicha tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili alohida-alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida kurashni rivojlantirish va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni bajarish uchun 1 nafar mas’ul xodim biriktirilsin.

(3-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga kurash milliy sportini rivojlantirish bo‘yicha bo‘lim tashkil etish tavsiya etilsin.

4. Quyidagilar kurash mahorat maktablari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

yosh istiqbolli sportchilarni tanlab olish va tarbiyalash masalalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish, ularga o‘quv-uslubiy va me’yoriy-axborot yordam ko‘rsatishni ta’minlash;

zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish hamda kurash bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishga qodir bo‘lgan sportchilarni tayyorlashda ushbu bazalardan samarali foydalanish;

kurash mahorat maktablari bazasida milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport bellashuvlarini tashkil etish hamda muntazam ravishda o‘tkazib borish, xorijiy davlatlar trener va hakamlari bilan o‘zaro tajriba almashish maqsadida chet elning kurash klublari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

5. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida 14 ta kurash milliy sport turiga ixtisoslashtirilgan sport inshootlari quriladi;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)

ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan sport inshootlarini saqlash xarajatlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;

umumta’lim maktablari va sport ta’lim muassasalarida kurash bo‘yicha o‘quv, o‘quv-mashq, o‘quvchilarni saralab olish (seleksiya) hamda ularda musobaqalarni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston kurash federatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda Vazirlik tomonidan belgilanadi va muvofiqlashtirib boriladi;

(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)

kurash mahorat maktablari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan boshlang‘ich professional davlat sport-ta’lim muassasalari hisoblanadi va ularning faoliyati kurash bo‘yicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yo‘naltiriladi;

kurash mahorat maktablarining o‘quvchilariga bepul ta’lim olish, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarining o‘quvchilari uchun bir kunlik oziq-ovqat me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat bilan ta’minlanish hamda o‘quvchilar turar joyida bepul yashash huquqi beriladi.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi:

bir oy muddatda sport gilamlari mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish asosida kurash guruhlari tashkil etiladigan maktablar ro‘yxatini O‘zbekiston kurash federatsiyasiga taqdim etadi;

O‘zbekiston kurash federatsiyasi bilan kelishgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sport zallarini kurash guruhlari tashkil etish uchun jismoniy tarbiya o‘quv fanidan bo‘sh vaqtda o‘rnatilgan tartibda bepul vaqtincha foydalanishga beradi.

7. Vazirlik, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida kurash bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda boshqa jismoniy madaniyat yo‘nalishlari mavjud oliy ta’lim muassasalarida kurash bo‘yicha mutaxassislikni ochish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston kurash federatsiyasining:

kurash bilan shug‘ullangan xodimlar va harbiy xizmatchilar tomonidan yoshlarni ushbu sportga yanada keng jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yoshlarni “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” degan yagona shior ostida birlashtirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bepul kurash guruhlarini (keyingi o‘rinlarda — kurash guruhlari) tashkil etish;

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. Vazirlik, O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Kurash milliy sport turini rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin hamda quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston kurash federatsiyasiga a’zolik badallari;

mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

homiylar — jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘laridan:

Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini moliyalashtirish;

Xalqaro kurash instituti, O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari va boshqa sport maktablarining kurash bo‘limlari moddiy-texnik bazasini rivojlantirish;

kurashni ommalashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida kurashchilar, trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning xorijiy davlatlarga tashriflarini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadlari uchun foydalanilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston kurash federatsiyasiga Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish, mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Xalqaro kurash instituti, O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning Toshkent shahar bo‘linmasi xodimlarining oylik ish haqi hamda ularni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetining;

boshqa hududiy bo‘linmalar xodimlarining oylik ish haqi va ularni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining va viloyatlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha daromadlari hisobidan moliyalashtiriladi.

11. Moliya vazirligi:

a) kurash mahorat maktablari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, ularni yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari bilan ta’minlash uchun zarur mablag‘larni 2021-yilda ajratsin va 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;

b) Davlat budjetidan 2025-yilga qadar:

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi hisob raqamiga uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun har yili — 10 milliard so‘m, shu jumladan 2020-yilda Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi hisobidan — 10 milliard so‘m;

Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlar uchun — 10 milliard so‘m Vazirlikka sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratilishini ta’minlasin;

v) Vazirlikning buyurtmanomasiga asosan 2020-yildan boshlab “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun zarur mablag‘lar ajratsin.

Oldingi tahrirga qarang.

(12-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

13. Belgilab qo‘yilsinki, 2023-yil 31-dekabrga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq olib kiriladigan kurash gilamlari, ularni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, ularning ehtiyot va butlovchi qismlari, shuningdek, xomashyolari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

14. O‘zbekiston kurash federatsiyasiga:

Vazirlik va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Xalqaro “GAISF — Global Association of International Sports Federations” tashkiloti a’zoligiga Xalqaro kurash assotsiatsiyasining kirishi bo‘yicha choralar ko‘rish;

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va Vazirlik bilan birgalikda kurashni Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun har yili amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining kurash bilan shug‘ullangan xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kurash guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning muntazam faoliyat yuritishlarini ta’minlash tavsiya etilsin.

15. Vazirlik uch oy muddatda:

olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularda kurash bo‘limlarini tashkil etish hamda mazkur bo‘limlarning faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

O‘zbekiston kurash federatsiyasi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari bilan birgalikda xalqaro talablarni inobatga olgan holda yaktak sport kiyimlari hamda kurash gilamlarining davlat standartlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda xalqaro standartlashtirish tizimiga kiritilishini ta’minlasin;

Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sport zallarini jihozlashning normativlariga kurash gilamlarini kiritsin va mazkur maktablarni bosqichma-bosqich ta’minlash dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning 3-ilovasida nazarda tutilgan 2020 — 2025-yillarda kurashni ommalashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi muassisligidagi Xalqaro kurash instituti faoliyatini qayta tashkil etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

a) Vazirlar Mahkamasi (A. Abduhakimov) o‘n kun muddatda mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida videokonferensaloqa vositalaridan foydalangan holda majlis o‘tkazib, mazkur qarorga muvofiq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida axborot bersin, shuningdek, har chorakda ijrosini muhokama qilsin va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;

b) Vazirlik (D. Nabiyev):

mazkur qaror va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishning pirovard maqsadiga erishilishini ta’minlasin;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda bir yilga mo‘ljallangan media-rejani tasdiqlasin hamda kurashni targ‘ib qilishga qaratilgan mavzuli va ko‘chma dasturlar, tok-shoular, intervyular va roliklar namoyish etilishini amalga oshirsin;

har chorakda mazkur qaror va “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishi holati, mavjud muammo va kamchiliklar, maqsadli ko‘rsatkichlarda belgilangan natijalarga erishish holati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga hisobot berib borsin;

v) “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishiga va baholash mezonlarida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishishga mas’ul vazirlik hamda idoralar ular zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish, “Yo‘l xaritasi”ni ijro etish holati to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlikka axborot taqdim etsin;

g) O‘zbekiston kurash federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, sport sohasidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda mas’ul vazirlik va idoralarga doimiy ravishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etilsin.

17. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori N.T. Yo‘ldoshev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 4-noyabr,

PQ-4881-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi PQ-4881-son qaroriga
1-ILOVA

Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish

KONSEPSIYASI

1-bob. Umumiy qoidalar

1992-yilda O‘zbekiston kurash federatsiyasining tashkil etilishi muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Davlatimizning bevosita ko‘llab-quvvatlashi va O‘zbekiston kurash Federatsiyasi tomonidan kurashni ommalashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida jahonning turli qit’alarida joylashgan xorijiy davlatlarda milliy kurash federatsiyalari tashkil etildi.

1998-yil 6-sentabrda dunyoning beshta qit’asidagi 129 ta milliy federatsiyalarni birlashtirgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi ta’sis etildi.

2010-yilda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi agentligining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

2017-yil 20-sentabrda bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida tarixda ilk bor kurash sport turi 2018-yilda Indoneziyada o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga alohida sport turi sifatida hamda 2022-yilda — Xitoyda, 2026-yilda — Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturlariga kiritildi.

Kurash bo‘yicha xalqaro sport tadbirlarida sportchilarimiz sovrinli o‘rinlarni egallab mamlakatimiz nufuzini munosib himoya qilib kelmoqdalar. Xususan, yurtimiz sportchilari 2019-yilda xalqaro sport tadbirlarida 1 231 ta, shu jumladan 378 ta oltin, 402 ta kumush, 451 ta bronza medallarini qo‘lga kiritganlar. Bunda, kurashchilar xalqaro sport tadbirlarida jami 73 ta, shu jumladan 37 ta oltin medalga sazovor bo‘lganlar va bu avvalgi yilda mamlakat bo‘yicha sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan oltin medallarning 10 foizini tashkil etgan.

Hozirgi vaqtda kurashni yanada ommalashtirish va tizimli rivojlantirish, Yevropa, Afrika va Panamerika qit’aviy o‘yinlari qatoriga rasman kiritish va xalqaro “GAISF — Global Association of International Sports Federations” tashkilotining e’tirofiga sazovor bo‘lish, Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish maqsadida Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish Konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) ishlab chiqildi.

Konsepsiya O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda kurashni tizimli rivojlantirishning maqsadi, vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda kurashni rivojlantirish dasturlari va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda ushbu sohada to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish orqali kurashning jahondagi nufuzini yanada oshirish, barcha aholi qatlami, ayniqsa yoshlarning sog‘lom turmush tarziga intilishlarini ta’minlash, ularni mardlik, sadoqat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, milliy xalq o‘yinlaridan jahon sport turiga aylangan kurashga nisbatan g‘urur, iftixor va faxrlanish hissini uyg‘otish Konsepsiyaning asl mohiyatini belgilaydi.

2-bob. Kurash milliy sport turini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolar

Bugungi kunda O‘zbekistonda kurashni rivojlantirishga yo‘naltirilgan 226 ta sport ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi, shundan:

170 tasi bolalar-o‘smirlar sport maktablari;

6 tasi ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari;

12 tasi sportning yakka kurash turiga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari;

14 tasi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari;

12 tasi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari;

12 tasi nodavlat kurash klublari hamda kurashchilar tayyorlovchi boshqa sport muassasalari.

Bugungi kunda yurtimizda kurash bo‘yicha trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar soni 1,5 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Tahlillar ayrim hududlarda trenerlar sonining umumiy aholi soni bilan yuqori nomutanosibligini ko‘rsatmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1,8 milliondan ortiq aholi soniga nisbatan 179 nafar (0,009 foiz), Toshkent shahrida 2,5 milliondan ortiq aholi soniga nisbatan 39 nafar (0,001 foiz), Andijon viloyatida 3 milliondan ortiq aholi soniga nisbatan 43 nafar (0,001 foiz) kurash treneri to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining 6 tadan, Andijon viloyatining 5 ta, Navoiy viloyatining 2 ta tuman va shaharlarida kurash bo‘yicha birorta trener mavjud emas.

Mamlakatimizda kurash bilan shug‘ullanuvchilar 2017-yilda 25 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilga kelib, bu ko‘rsatkich 40 ming nafardan oshib, mamlakatdagi umumiy aholi sonining 0,1 foizini tashkil etmoqda.

Xorijiy mamlakatlar tajribasining ko‘rsatishicha, ularda aholining aksariyat qismi milliy sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Jumladan, 1936-yilda Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan basketbol o‘yinining vatani AQShda aholining 10 foizga yaqini yoki 25 million nafari ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanadi. Shuningdek, mazkur davlatda 18 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan aholining 27 foizi, 30 dan 49 yoshgacha bo‘lganlarning 23 foizi, 50 dan 64 yoshgacha bo‘lganlarning 7 foizi so‘nggi 12 oyda basketbol milliy sporti bilan shug‘ullangan.

1964-yildan Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan Yaponiya milliy sport turi — dzyudo bilan ushbu davlatning 10 million (qariyb 10 foiz) aholisi shug‘ullanadi.

2000-yildan Xalqaro olimpiya o‘yinlariga kiritilgan taekvondo WTF sporti bilan Koreyada maxsus maktablar faoliyati tashkil etilganligi va yo‘lga qo‘yilganligi sababli 55 million nafar aholining aksariyati shug‘ullanadi. Taekvondoning jahonda ommalashuvi sababli Koreyada turizmning alohida yo‘nalishi — “taekvondo turizmi” yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiyada milliy sport turi bo‘lgan samboni ommalashtirish va unga aholini jalb qilish borasida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, 2015-yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Maktabda sambo” loyihasiga 74 ta hududda joylashgan 800 ta maktab jalb qilinishi natijasida unda ishtirok etayotgan maktab o‘quvchilarining soni 120 mingga yetdi. Shu bilan birga, Rossiya maktablarida sambo bilan shug‘ullanuvchilar soni har yili 10 foizga oshmoqda va 2018-yilda davlat budjetidan 5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan. Shu tarzda AQShda — “beysbol”, Yaponiyada — “karate”, “dzyudo”, “sumo”, Xitoyda — “ushu” milliy sport turlari davlat tomonidan muntazam moliyalashtiriladi.

Kurashni ommalashtirish va rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muhim masalalardan biri ushbu sport bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va sport infratuzilmasining yetarli emasligidir. Jumladan, hududlarda O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning filiallari o‘quv-mashg‘ulot o‘tkazish zallariga ega emas.

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasining tizimli moliyalashtirish manbalari mavjud emasligi, xorijiy davlatlar milliy federatsiyalarining kurashga oid zarur sport anjomlari bilan ta’minlanmaganligi ushbu sport bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan sportchilarni kurashga jalb qilish imkonini bermasdan kelmoqda.

Xorijiy davlatlar kurash federatsiyalarini kurash sporti bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, trenerlar, yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari bilan tizimli ta’minlash yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli chet ellik sportchilar o‘rtasida mazkur sport turini ommalashtirish hamda uning insonparvar g‘oyalari haqida yetarlicha ma’lumot yetkazish imkoni berilmasdan qolmoqda.

Shuningdek, kurashning Panamerika, Afrika o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqishlari, yakkama-yakka jangovar Osiyo o‘yinlari, Osiyo sohil o‘yinlari, yopiq inshootlardagi va yozgi Osiyo o‘yinlari hamda bir qator xalqaro o‘yinlar dasturlariga kiritilganligi, qolaversa, o‘zbekcha so‘zlar va O‘zbekiston davlat bayrog‘i ramzi aks ettirilgan kurash yaktaklari orqali mamlakat va millat nomini tarannum etayotgan bir paytda uning O‘zbekiston va jahonda yanada ommalashuvi hamda rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan quyidagi tizimli muammolar mavjud:

a) O‘zbekistonda kurashni ommalashtirish va rivojlantirishdagi tizimli muammolar:

so‘nggi yillarda kurashni yanada rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lsada, ushbu sportni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan alohida dastur ishlab chiqilmagan;

mamlakatda va jahon miqyosida malakali professional kurash trenerlari hamda hakamlarini tayyorlash tizimi mavjud emas. Jumladan, bugungi kunda yurtimizda oliy malakali kurash trenerlari va hakamlari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tayyorlanib, uni har yili ushbu sport yo‘nalishi bo‘yicha 30 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Biroq, xorijiy davlatlar fuqarolaridan professional kurash trenerlari va hakamlarini tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli ularning mazkur mutaxassislarni tayyorlashga amaliy yordam berish haqidagi murojaatlari javobsiz qolmoqda;

2000-yil 4-dekabrda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan Xalqaro kurash instituti bugungi kunga qadar amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilmagan va faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagan. O‘tgan 20 yil davomida ushbu institut tomonidan kurash sportini o‘rganishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot yoki izlanishlar deyarli olib borilmagan;

kurash sportining asosiy ajralmas qismi bo‘lgan yaktak sport kiyimlari mahsulotlarini ishlab chiqarish kurash vatanida yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli o‘zbek kurashi brendi yaratilmagan;

O‘zbekiston kurash federatsiyasining hududiy kurash markazlari o‘z bino hamda sport maydonlariga ega emas. Shu bilan birga, ayni paytda respublikaning 12 ta hududlarida kurash milliy sport turi markazlari qurilishi ta’minlanmagan;

kurash sporti va milliy mentalityetimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda xotin-qizlarga mo‘ljallangan kurash yo‘nalishi tashkil etilmagan, ular uchun trenerlar va hakamlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagan;

kurash sportini, ushbu sohada muvaffaqiyatlarga erishayotgan sportchilarni bosma va elektron ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish ishlari qoniqarsiz ahvolda.

b) Jahonda kurashni ommalashtirish va rivojlantirishdagi tizimli muammolar:

xorijiy mamlakatlarning London, Parij, Afina, Rio de-Janeyro, Istanbul, Tehron va boshqa shaharlaridagi an’anaviy kurash musobaqalari so‘nggi yillarda o‘tkazilmasdan qolayotgan bo‘lib, bu kurashning jahondagi nufuzi va ommalashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, Kurash xalqaro assotsiatsiyasining 2017-yilgi rejasiga muvofiq xorijiy mamlakatlarda rejalashtirilgan jami 29 ta kurash musobaqalaridan 14 tasi, 2018-yilda 27 ta musobaqalardan 16 tasi, 2019-yilda 32 ta musobaqalardan 18 tasi moliyalashtirilmaganligi sababli o‘tkazilmagan;

kurash bo‘yicha milliy va xalqaro musobaqalarni mamlakatdagi hamda jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, kurashni o‘rgatuvchi va targ‘ib qiluvchi videoroliklar, mobil ilovalar hamda boshqa elektron materiallar tayyorlanmagan;

kurashni jahonda ommalashtirish va unga xorijiy davlatlar aholisini keng jalb etish maqsadida mavjud 129 ta xorijiy federatsiyalarga yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari deyarli yetkazib berilmagan. Jumladan, o‘tgan davrda Germaniya, Rossiya, Belarus va Afg‘onistonga faqat 50 ta yaktak sport kiyimlari yetkazish bilan cheklanilgan;

kurash bo‘yicha mamlakat va xorijiy davlatlarda professional sportchilar tayyorlashga mo‘ljallangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar mavjud emas.

3-bob. Kurashni O‘zbekistonda va jahonda yanada ommalashtirish hamda rivojlantirishning asosiy maqsad va vazifalari

Kurashni yanada rivojlantirish va ommalashtirish mamlakatimiz aholisining barcha qatlamlarini yoshidan qat’i nazar sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, yoshlarni Vatanga sadoqatli etib tarbiyalash, kurashni jahon xalqlarining sevimli sport turlaridan biriga aylantirish, uning halollik, adolatlilik, bag‘rikenglik kabi insonparvar g‘oyalarini dunyo ahliga yanada keng targ‘ib qilish, ushbu sohaga investitsiyalarni faol jalb etish orqali uni tijoratlashtirish hamda chinakam o‘zbek kurashi brendini ommalashtirishni nazarda tutadi.

Ushbu Konsepsiyaning asosiy maqsadi — kurashni Yevropa, Afrika, Panamerika qit’aviy o‘yinlariga rasman kiritish va xalqaro “GAISF — Global Association of International Sports Federations” tashkilotining e’tirofiga sazovor bo‘lishi orqali uning Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tomonidan tan olinishiga erishish hamda 2028-yilgacha Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Quyidagilar kurashni yanada rivojlantirishning muhim vazifalari hisoblanadi:

kurash bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va sport infratuzilmasini yaratish;

yoshidan qat’i nazar aholining barcha qatlamlari, shu jumladan yoshlarni kurash sportiga faol jalb qilish orqali mamlakatda ushbu sportning ommaviyligini yanada oshirish, O‘zbekistonda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish;

kurash trenerlari va hakamlarini tayyorlash, ular malakalarini bosqichma-bosqich oshirib borish, xorijiy davlatlar milliy federatsiyalariga trenerlarni “eksport” qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;

kurashning yangi turlarini (xotin-qizlar kurashi, sohil kurashi, jangovar kurash va boshqalarni) ommalashtirish va rivojlantirish;

kurash sport turiga investitsiyalarni keng jalb etish va ularni rag‘batlantirish, kurash xususiy klublari tizimini rivojlantirish;

yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari ishlab chiqarishni hamda xorijiy davlatlar kurash federatsiyalariga muntazam yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish;

kurashni xorijiy davlatlarda yanada ommalashtirish va rivojlantirish, uni jahon xalqlarining eng ommabop sport turlaridan biriga aylantirish.

4-bob. O‘zbekistonda va jahonda kurashni yanada ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning asosiy bosqichlari hamda ustuvor yo‘nalishlari

O‘zbekistonda va jahonda kurashni yanada ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich (2020 — 2023-yillar) — kurash musobaqalari soni va ko‘lamini yanada kengaytirish, uning mamlakat hamda xorijiy davlatlardagi infratuzilmasini yaxshilash, trener va hakamlarga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirish, xorijiy davlatlar federatsiyalarini moliyaviy hamda moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali ushbu sport turini yanada ommalashtirish;

ikkinchi bosqich (2024-yildan) — kurashning insonparvar xususiyatlarini butun dunyoga faol targ‘ib qilish, sport musobaqalariga aholining barcha qatlamlarini keng jalb etish orqali jahon xalqlarining sevimli sport turiga aylantirish, Xalqaro olimpiya o‘yinlariga kirishiga erishish, dunyoda o‘zbek kurashi brendi nufuzini oshirish.

§1. O‘zbekistonda kurashni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari

Quyidagilar 2025-yilga qadar O‘zbekistonda kurashni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:

a) aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish, O‘zbekistonda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

kurash sport turi bilan shug‘ullanuvchilar va trenerlar haqida ma’lumotlarni to‘liq shakllantirish maqsadida faoliyat yuritayotgan barcha kurash klublarini xatlovdan o‘tkazish;

kurashga ixtisoslashgan tuman (shahar)lar umumta’lim maktablarining o‘quv dasturiga kurashni kiritish va ularni moddiy-texnik bazasini takomillashtirish;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida kurash bo‘yicha qabul kvotalarini ikki baravarga oshirish;

respublikadagi kasb-hunar maktablari, kollejlari, texnikumlari va oliy ta’lim muassasalarining sport klublari tarkibida kurash seksiyalarini tashkil etish;

kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi hamda talabalarining kurash bo‘yicha musobaqalarda qo‘lga kiritgan yutuqlari asosida “Ta’lim muassasalarining “Kurash” milliy sport turi bo‘yicha milliy reytingi”ni tuzish;

oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash mezonlariga oliy ta’lim muassasasida kurash seksiyalari tashkil etilganligi va faoliyati muntazam yo‘lga qo‘yilganligi, unda qatnashuvchi talabalarning musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallashlarini kiritish;

har yili davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” respublika musobaqasini o‘tkazish;

kurashning yangi turlarini (xotin-qizlar kurashi, sohil kurashi, jangovar kurash va boshqalar) tashkil etish, ularni ommalashtirish choralarini ko‘rish, ushbu turlar bo‘yicha trenerlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

O‘zbekistonda 2023-yildan boshlab bolalar, xotin-qizlar va faxriylar o‘rtasida muntazam ravishda hududiy va respublika musobaqalari o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish;

b) kurash bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida 2021 — 2025-yillarda yangi quriladigan Turizm va sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarining namunaviy loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash;

viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida yangi quriladigan Turizm va sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarini qurish va ularni kurash gilamlari hamda zarur sport inventarlari bilan jihozlash;

Turizm va sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarini jihozlash normativlarini ishlab chiqish;

(1-paragraf “b” kichik bandining ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

umumta’lim maktablarining sport zallarini jihozlashning normativlariga “kurash gilamlari”ni kiritish va mazkur maktablarni bosqichma-bosqich ta’minlash dasturini ishlab chiqish;

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Talabalar ko‘chasida joylashgan 1 gektar yer maydoniga xalqaro kurash musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan “Kurash” milliy sport turi markazini qurish;

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish, uni amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Jismoniy tarbiya va sport vazirligidan O‘zbekiston kurash federatsiyasiga tekin foydalanishga berish.

v) Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

harbiy xizmatchi va xodimlarning jismoniy tayyorgarliklarida kurash hamda jangovar kurash mashg‘ulotlariga ustuvorlik bergan holda ularni bosqichma-bosqich joriy etish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;

harbiy xizmatchi va xodimlarning jismoniy tayyorgarliklarida kurash hamda jangovar kurash mashg‘ulotlarining amaliy va uslubiy qo‘llanmalarini tayyorlash;

kurash hamda jangovar kurash mashg‘ulotlarini o‘tkazuvchi trenerlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish;

Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar sport musobaqalari yillik kalendar rejasiga kurash bo‘yicha musobaqalarni kiritish;

Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchi va xodimlari o‘rtasida respublika chempionatini tashkil etish hamda o‘tkazish;

g) kurash bo‘yicha professional trenerlar, hakamlar tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, kurashning ilmiy-metodologik bazasini kuchaytirish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi muassisligida Xalqaro kurash instituti faoliyatini qayta tashkil etish hamda uning asosiy vazifalarini belgilash;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda boshqa jismoniy madaniyat yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalarida kurash bo‘yicha mutaxassisliklar ochish;

kurashga ixtisoslashgan tuman (shahar)lar umumta’lim maktablari uchun kurash fanidan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash;

kurash trenerlari va hakamlarining xorijiy davlatlarga “eksport” qilinishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning chet tillarini o‘rganishlarini rag‘batlantirish tizimini yaratish;

kurashni o‘qitishga bag‘ishlangan “Kurash usullari”, “Kurash texnikasi va o‘qitish metodikasi”, “Yangi o‘rganuvchilar uchun kurash”, “Kurash hamma uchun”, “Kurash usullarini o‘qitish metodikasi” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash va chop etish;

Yil treneri”, “Yil hakami” va boshqa nominatsiyalardagi respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish;

milliy va jahon sport yulduzlari ishtirokida o‘zbek, rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarda kurash usullarini o‘rgatishga bo‘yicha maxsus videoroliklar tayyorlash;

kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarni, seminarlarni va forumlarni o‘tkazish;

jahondagi barcha kurash turlarini ilmiy jihatdan o‘rganib, olimlarning mazkur yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarini tahlil qilgan holda, kurash sport turlarini rivojlanish strategiyasini belgilab beradigan “Xalqaro kurash forumi”ni tashkil etish;

d) o‘zbek kurashi brendini yaratish, investitsiyalarni jalb etgan holda yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlarini ishlab chiqarish, kurashni tijoratlashtirish choralarini ko‘rish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

yaktak sport kiyimlari turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ularning davlat standartini ishlab chiqish;

tadbirkorlarni, shu jumladan xorijiy investorlarni jalb etish orqali yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

O‘zbekiston kurash federatsiyasiga bukmeykerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish orqali yakka va jamoaviy kurash o‘yinlari hamda kurash bilan bog‘liq boshqa o‘yinlarni yo‘lga qo‘yish, ulardan olingan daromadlarni faqat kurashni rivojlantirishga yo‘naltirish;

belgilangan tartibda “KURASHLOTTO” lotereyalarini tashkil etish va lotereya o‘yinlari o‘tkazish;

O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida unga a’zo kurash sportchilaridan iborat jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida qo‘riqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha taklif kiritish;

kurash klublarini tashkil etish, reklama xizmatlaridan foydalanish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish orqali kurashning tijoratlashuvini joriy etish;

e) kurashni aholi o‘rtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

ijtimoiy reklama orqali kurashning ommaviyligini keng targ‘ib qilish;

kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlari g‘oliblari, milliy terma jamoalar a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron bazaga joylashtirish dasturini ishlab chiqish va unga barcha nufuzli musobaqalar, kurash bo‘yicha trenerlar, terma jamoa a’zolari, xalqaro va respublika toifasidagi hamda zaxiradagi hakamlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar joylashtirilishini ta’minlash;

kurash bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika musobaqalarini muntazam yoritib borish, kurash musobaqalarining sovrindor sportchilari oila a’zolari, trenerlari ishtirokida “Kurashchining onasi”, “Kurashchining otasi”, “Chempionning ustozi” kabi turkum teleko‘rsatuvlar tayyorlash va namoyish etish;

Kurash milliy sport turining rivojlanish tarixi”, “Kurash qahramonlari”, “Yil kurashchisi” va boshqa nomdagi kitoblar chop etish, o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi “UZBEK KURASH” nomli oylik ilmiy-ommabop elektron jurnalini ta’sis etish va uni elektron ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilish;

Kurashchilar uchun badantarbiya”, “Bolalar uchun kurash”, “Kattalar uchun kurash”, “Kurash malikasi”, “Kurash milliy g‘ururimiz”, “Kurash millat faxri” va boshqa nomlardagi maxsus roliklar tayyorlash hamda efir vaqtida, jumladan tomoshabop vaqtlarda har kun namoyish etish, “Kurash yulduzi”, “Kurash faxriysi”, “Kurash tarixi”, “Kurash xalq sayli” nomli teleko‘rsatuvlar tayyorlash, radio eshittirishlar tashkil etish, yoshlar o‘rtasida kurashni keng targ‘ib etish, ularda vatanparvarlik hissini uyg‘otish, ularni sog‘lom turmush tarziga amal qilishga undashga qaratilgan ko‘rsatuvlar namoyish etish orqali ommalashtirish bo‘yicha media-reja ishlab chiqish va amalga oshirish;

kurash orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, umumxalq harakati sifatida turli kurash sayillarini, bayram va tadbirlarda kurash bo‘yicha ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish.

§ 2. Kurashni jahon xalqlarining sevimli sport turlaridan biriga aylantirish, uning insonparvar g‘oyalarini keng targ‘ib qilish orqali jahonda O‘zbekiston nufuzini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari

Kurashni jahon xalqlarining sevimli sport turlaridan biriga aylantirish, uning insonparvar g‘oyalarini keng targ‘ib qilish orqali jahonda O‘zbekiston nufuzini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni amalga oshirish lozim:

a) kurashni jahonda ommalashtirish, kurash bilan bog‘liq turli tadbirlarga turistlarni keng jalb etish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

kurash bo‘yicha xalqaro sport tadbirlari g‘oliblari ishtirokida Buxoro, Samarqand, Xiva va boshqa sayyohlar gavjum bo‘lgan joylarda kurash mahorat darslarini muntazam tashkil etish hamda ularni ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish;

viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida milliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida xalqaro kurash musobaqasini tashkil etish hamda o‘tkazish;

Har ikki yilda o‘tkaziladigan “Jahon kurash o‘yinlari”ni (“World Kurash games”) yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan Kurash xalqaro assotsiatsiyasiga taklif kiritish orqali ushbu xalqaro musobaqa muntazam o‘tkazilishini ta’minlash;

ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha xalqaro turnirlarni o‘tkazish;

kurashni YUNESKOning etnosport milliy o‘yinlari nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish;

2023-yilda Islom hamda Afrika o‘yinlari, 2024-yilda Yevropa o‘yinlari va 2025-yilda Panamerika o‘yinlari sport musobaqalari dasturiga kurash sportini kiritish;

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va uning a’zolari bilan hamkorlikni kuchaytirish;

olimpiya mezonlari asosida, xalqaro maydonda bolalar, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida kurash sportini ommaviylashtirish va sport musobaqalarini tashkil etish;

b) xorijiy davlatlar kurash federatsiyalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, kurash infratuzilmasini shakllantirish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

har yili Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, shuningdek, Afrika, Yevropa, Panamerika, Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda kattalar va yoshlar o‘rtasida qit’aviy musobaqalarni tashkil etish hamda o‘tkazish maqsadida ular faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

har yili Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tasdiqlagan jadvalga muvofiq belgilangan standartlarga javob beradigan 2 000 dona yaktak sport kiyimlari hamda 50 komplekt kurash gilamlarini xorijiy davlatlar kurash federatsiyalariga yetkazib berilishini ta’minlash;

xorijiy davlatlar kurash federatsiyalarining so‘roviga binoan kurash mutaxassislarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish amaliyotini joriy etish;

O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan davlatlar tengligi tamoyili asosida tuzilgan jadvalga muvofiq har yili 50 nafar kurash bo‘yicha chet ellik trener va hakamlarning ikki haftalik bepul malakasini oshirish o‘quv kurslarini tashkil etish;

v) kurash bo‘yicha milliy va xalqaro musobaqalarni yetakchi ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritishni yo‘lga qo‘yish. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda o‘tadigan kurash musobaqalari, “to‘y kurashlari”, “kurash sayillari”, “kurash festivallari” va boshqa tadbirlar haqida rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarda materiallar tayyorlash, ularni elektron ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish;

O‘zbekiston kurash federatsiyasining ingliz, rus va o‘zbek tillarida veb-saytini yaratish;

kurashni jahon bo‘ylab targ‘ib qilish bo‘yicha roliklar tayyorlash va ESPN (Entertainment and Sports Programming Network), Sky Sports, Setanta Sports, Fox Sports, Euronews, Eurosport CNN hamda boshqa yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida namoyish etish.

5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

Mazkur Konsepsiyada belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish mo‘ljallanmoqda:

2021-yilda kurash trenerlari va hakamlari tayyorlash tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatning va xorijiy davlatlar kurash federatsiyalarining ularga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish;

2022-yilda kurashni xalqaro “GAISF — Global Association of International Sports Federations” tashkilotining e’tirofiga sazovor bo‘lish;

2023-yilda kurashni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinishiga erishish;

2024-yilga qadar O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnik bazasini shakllantirish hamda ularni kurash gilamlari bilan ta’minlashga erishish;

2025-yilga qadar kurash bilan muntazam shug‘ullanuvchi maktab o‘quvchilarini jami maktab o‘quvchilarining kamida 12 foiziga yetkazishga erishish;

2025-yilga qadar kurash bilan muntazam shug‘ullanuvchi aholi sonini kamida 8 foizga hamda xorijiy davlatlarda kurash bilan muntazam shug‘ullanuvchi sportchilar sonini kamida 12 millionga yetkazishga erishish;

2028-yilda kurashning Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishiga erishish.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

O‘zbek kurashini mamlakatimizda va jahonda ommalashtirish hamda yanada rivojlantirish, ushbu sport turi orqali mamlakatimiz sha’ni va nufuzini oshirish nafaqat uning rivojiga javobgar tashkilotlarning yuksak mas’uliyatini, balki har bir fuqaroning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini taqozo etadi.


Konsepsiyada belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi mamlakatimiz aholisi barcha qatlamlarini sportga jalb etgan holda jismonan sog‘lom avlod shakllanishini yanada rag‘batlantirishga, o‘zbek va jahon sportchilarini yagona maqsadga — jahonning insonparvar sport turlaridan biri bo‘lgan kurashni rivojlantirish yo‘lida birlashishlariga xizmat qiladi.