Rim mezbonlik qilayotgan kurash bo‘yicha xalqaro turnir o’z nihoyasiga yetdi

        Afsonaviy Rim shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan Kurash bo’yicha xalqaro turnirga jahon chempionlari, qit’a o‘yinlari g‘oliblari va qit’a chempionlari keldi.
        24 iyul oqshomida Rimdagi muhtasham NICOLA PIETRANGELI stadionida ajoyib kurash bayrami tashkil etildi.
        O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi, Yevropa Kurash konfederatsiyasi, Italiya Kurash akademiyasi, hamda mamlakatimizning Italiyadagi elchixona hamkorligida tashkil etilgan xalqaro turnir ikki davlat o‘rtasida madaniyat almashinuviga xizmat qildi.
        Qayd etish joizki, so‘nggi 20 yil davomida Fransiya, Misr, Xitoy, Bolgariya, Germaniya, Eron va Dominikan Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun turnirlar o‘tkazib kelinmoqda. Italiya bu turnirga ilk bor mezbonlik qilmoqda.
        Yevropa va Osiyodan tashrif buyurgan 18 davlatdan 50 nafardan ortiq kurashchilar o‘z kuchlarini sinab ko‘rdilar. Qizg‘in kechgan bellashuvlarda eng go‘zal usul va betakror uslublar namoyish etildi.
        Shundan so’ng turnirning rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
        Marosimni O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abat Fayzullaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida barchani Kurash bayrami bilan samimiy tabrikladi. Kurash eng qadimiy sport turlaridan biri bo‘lib, u olijanoblik va insonparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgani bilan jahonda keng rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
        Turnir doirasida o‘zbek va italiyalik san’atkorlar, o‘zbek milliy taomlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
        Marosimdan so‘ng yarim final va final bellashuvlari o‘tkazildi. Erkaklar o‘rtasida +100 kg va ayollar o‘rtasida +87 kg vazn toifasida o‘tkazilgan turnirda kurashchilar vatani yaqqol ustunlik qildi.
        Erkaklar o‘rtasidagi final bahsida Muhsin Hisomiddinov ruminiyalik raqibi Natea ILIE-DANIELni 3 ochko farqi bilan yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
        Ayollar o‘rtasidagi finalda ham O‘zbekiston vakiliga omad kulib boqdi.
        Jahon va Osiyo chempioni, World Series Pro Tournament g‘olibi Pokizaxon Kamoliddinova raqibi germaniyalik Mill Ailinni “Xalol” bilan, 26 soniyada mag‘lub etib, Rim mezbonlik qilgan xalqaro turnir g‘olibiga aylandi.

        Ushbu nufuzli turnir IKA reyting tizimiga kiritilgan bo’lib, g‘olib va ikkinchi o‘rin egalari World Series Pro turniri uchun qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritadilar.
        Turnir g‘oliblari pul mukofotlari, diplom va medallar bilan taqdirlandilar.
        G‘oliblarning to‘liq ro‘yxati bilan quyida tanishishingiz mumkin.

           Erkaklar
         1. Muhsin Hisomiddinov — O’zbekiston
        2. Natea ILIE-DANIEL — Ruminiya
        3. Muhammadkarim Xurramov — O’zbekiston
        3. SZCZUROWSKI KACPER — Polsha

          Ayollar
         1. Pokizahon Kamoliddinova-O’zbekiston
        2. Mill Ailin-Germaniya
        3. Bolohan Victoria – Belgiya
        3. Kaliuzhnaya Katsiaryna – Ruminiya