Joriy yilning 22-25 may kunlari Nukus shahridagi amfiteatrda kattalar o’rtasidagi Osiyo kubogi bo’lib o’tadi. Bugun ushbu nufuzli musobaqa oldidan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Prokurori o’rinbosari To’lqin Nurmetov, O’zbekiston Kurash federatsiyasi raisi o’rinbosari Uyg’un Umarov, IKA direktori Ravi Kapur hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Sport vaziri Erkinbay Qutibayev, kurash murabbiylari, hakamlar va OAV vakillari ishtirok etdi. So’zga chiqqanlar ushbu nufuzli musobaqa ilk bor o’tkazilayotganini e’tirof etar ekan xorijdan kelgan sportchilarga halol bellashuvlarda omad tiladilar. Ta’kidlanganidek, mazkur musobaqada O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Hindiston, Xitoy Taypeyi, Singapur hamda Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan jami 70 nafardan ortiq kurashchi ishtirok etadi. Shuningdek, bugun musobaqa Mandat komissiyasi yig’ilishi hamda kurashchilarning vazn o’lchash marosimi ham bo’lib o’tdi.