O‘zbekiston Kurash federatsiyasi va Milliy Antidoping Agentligi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi

          Bugun Toshkent shahri, Olimpiya shaharchasida joylashgan Sport vazirligi binosida O‘zbekiston Kurash federatsiyasi va Milliy antidoping agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda halol sport tamoyillari va dopingning salbiy oqibatlari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
          Seminarda Toshkent shahar kurash federatsiyasi, barcha viloyat kurash murabbiylari va sportchilar faol ishtirok etdi. Asosiy e’tibor joriy yilda milliy hamda xalqaro maydonlarda, ayniqsa kurash bo‘yicha ilk bor musobaqalarda qatnashadigan yosh va yangi sportchilarga qaratildi.
          Seminarda so’zga chiqqan O’zbekiston Kurash federatsiyasi raisi o’rinbosari Uyg’un Umarov yurtimizda kurashni yanada ommalashtirish, sportchilarning antidoping borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish hamda ularning mahalliy va xalqaro maydonlardagi g‘alabalarida doping muammolardan asrash ham ustuvor vazifa ekanligini ta’kidladi.
          Seminarda antidoping qoidalarini chuqur o‘rgatish va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, doping vositalaridan mutlaqo voz kechish tamoyillarini mustahkamlash, WADA talablari, qoidabuzarliklar uchun jiddiy sanksiyalar (diskvalifikatsiya, jarimalar, butunlay chetlatish) haqida aniq va ochiq tushuntirishlar berildi.
          Ta’kidlanganidek, bu seminar nafaqat bilim berish, balki kurash oilasini yanada sof, halol va sog‘lom saqlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Chunki bugungi kunda sportda muvaffaqiyat faqat kuch va mahorat bilan emas, avvalo halollik va to‘g‘ri tanlov bilan erishiladi.

Leave a Reply

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *