Kurash bo‘yicha 2025 yilgi Osiyo chempionati yakunlandi: qit’ada tengsizlar aniqlandi
Janubiy Koreyaning Goesan shahri 2025-yil 30-iyuldan 4-avgustgacha kurash bo‘yicha qit’a miqyosidagi eng yirik musobaqaga mezbonlik qildi. Xalqaro Kurash assosiatsiyasi va Osiyo Kurash konfederatsiyasi taqvimidagi ushbu chempionat kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida tashkil etildi hamda sportchilarning mahorat, tayyorgarlik va irodasini namoyon etishda muhim sahnaga aylandi.
Chempionatning dastlabki kunida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi bahslar o‘tkazildi. Qit’amizning 25 ga yaqin davlatidan kelgan yosh polvonlar gilam ustida mahorat sinashdi.
Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 36 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza — jami 39 ta medal bilan mutlaq yetakchilik qildi.
Vyetnam 2 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Hindistonlik sportchilar esa 1 ta oltin, 12 ta kumush va 22 ta bronza bilan kuchli uchlikni yakunladi.
3-avgust kuni kattalar o‘rtasidagi bahslarda Osiyoning eng kuchli polvonlari 8 ta vazn toifalarida bahslashishdi.
O‘zbekiston sportchilari bu kuni ham 4 ta oltin va 2 ta bronza bilan yetakchilikni davom ettirishdi.
4-avgust kuni chempionatning final pallasi bo‘lib o‘tdi. Kattalar o‘rtasida yana 8 ta vazn toifasida g‘oliblar aniqlandi: O‘zbekistonlik kurashchilar 4 ta oltin medal bilan chempionatdagi umumiy ustunligini saqlab qolishdi.
Yakuniy medallar jamg‘arish bo‘yicha kurash vatani vakillari jami: 53 ta, shundan 45 ta oltin, 5 kumush va 3 ta bronza medallari bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin Vyetnamlik kurashchilar jamoasiga 3 ta oltin 2 ta kumush va 3 bronza jami 8 ta medali bilan nasib etdi.
Hindistonlik kurashchilar jami 41 ta medal shundan 2 ta oltin 12 ta kumush va 27 ta bronza medali bilan kuchli uchlikni yakunlashdi.
Shuningdek, Tojikiston, Eron, Koreya, Malayziya, Qirg‘iziston kabi 14 ta mamlakatlar vakillari Osiyo chempionati medallari bilan o‘z uylariga qaytadigan bo‘ldi.
Janubiy Koreya mezbonligida o‘tkazilgan chempionat yuqori saviyadagi tashkilotchilik, sportchilar uchun mukammal sharoitlar, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik muhiti bilan ajralib turdi. Goesan madaniyat va sport markazi haqiqiy olimpiya muhitidagi musobaqa maydoniga aylandi.
Qit’amizning turli davlatlaridan kelgan kurashchilar bu chempionat orqali nafaqat medallar, balki tajriba, do‘stlik va yangi imkoniyatlarni qo‘lga kiritishdi. Turli mamlakatlardan chiqqan g‘oliblar kurashdagi raqobatning tenglashayotganini, sport geografiyasining kengayayotganini yaqqol ko‘rsatdi.