O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida O‘zbekiston kurash federatsiyasining navbatdagi Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida O‘zbekiston kurash federatsiyasining navbatdagi Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar hamda viloyatlar hududiy kurash federatsiyalarning har biridan saylangan ikki nafardan delegatlar, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Kengashi a’zolari, federatsiya xodimlari, O‘zbekiston terma jamoa murabbiylari hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Bundan tashqari, yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari xamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Konferensiyaga O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Sadikovich Kadirov raislik qildi. Konferensiya kun tartibida 4 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Kengashining o‘tgan to‘rt yillik faoliyati bo‘yicha hisoboti eshitilib delegatlar tomonidan tasdiqlandi. Konferensiyada O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi nomzodi ko‘rib chiqilib, konferensiya barcha ishtirokchilarining bir ovozi bilan ushbu lavozimga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev qayta saylandi. Shuningdek, konferensiya yig‘ilishida O‘zbekiston kurash federatsiyasi nizomiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasining keyingi davrdagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab olindi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kurash boʻyicha “Bosh prokuror kubogi” musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, targʻibot ishlarini kuchaytirish kabi masalalar boʻyicha tushuntirishlar berildi.