Kurash bo'yicha V Xalqaro Osiyo Kubogi
Joriy yilning 17-20 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag’ishlangan Kurash bo’yicha V Xalqaro Osiyo Kubogi bo’lib o’tishi rejalashtirilgan.
Bugun Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida V Xalqaro Osiyo Kubogi oldidan matbuot anjumani bo’lib o’tdi.
Unda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori Ravi Kapur va O’zbekiston kurash federatsiyasi raisi o’rinbosari Uyg’un Umarov hamda Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosari X.Norqobilovlar ishtirok etishdi.
So’zga chiqqanlar, kuragi hech qachon yerga tegmagan afsonaviy shaxs, o‘zbek xalqining faxri – Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan ushbu nufuzli musobaqa yildan-yilga geografiyasi kengayib, ishtirokchi sportchilar uchun haqiqiy sinov maydoni, qiziqarli bellashuvlarni taqdim etayotganini e’tirof etib, barcha sportchilarga omad yor bo’lishini tiladi.
Musobaqada Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg’oniston davlatlaridan kelgan ekspert va hakamlar hamda 52 nafar eng kuchli kurashchilar bellashuvlarda ishtirok etishadi.
Ta’kidlanganidek, Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan turnir milliy merosimizni asrash, o‘zbek kurashining boy an’analarini kelajak avlodlarga yetkazish, xalqaro nufuzni oshirish, kurashni jahon sporti durdonasiga aylantirish va Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish, yoshlar o‘rtasida milliy sportga qiziqishni rag‘batlantirish va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, Osiyo mamlakatlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Musobaqa dasturi: Regulation Pakhlavon Makhmud