Sport vazirligida kurashni ommalashtirish va rivojlantirish hamda o‘zbek milliy qadriyati bo‘lgan mazkur sport turini YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki yurtimizda kurash milliy sport turini rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda ommalashtirish va ushbu sport turiga xorijiy davlatlar aholisini keng jalb etish, shuningdek kurashni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatni tizimli qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan joriy yilning 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq kurash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirib borish, shuningdek, zarur o‘quv-uslubiy va ilmiy-amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqishni tashkil qilish, kurashning yangi yo‘nalishlarini joriy qilishda ishtirok etish, ularni ommalashtirish choralarini ko‘rish, kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilishni yo‘lga qo‘yish, kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu milliy sport turini umumjahon miqyosidagi sport turiga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib borish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi majlislar zalida mazkur qaror ijrosi doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ijrosi, shuningdek, YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga O‘zbek milliy qadriyati – Kurash sportini kiritishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.