Kurash Sport on Tour 2024 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etadi
Sport on Tour Italiyaning eng nufuzli sport tadbirlaridan biridir. Mamlakat hukumati, sport vazirligi (Dal CONI) va milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari tashabbusi bilan o‘tkazib kelinadigan mazkur tadbir Jang san’atidan voleybolgacha, suzishdan badiiy gimnastikagacha, raqs, futbol va 20 dan ortiq sport turlarini qamrab oladi. Joriy yilda tadbirlar 5 dam olish kunlari davomida mamlakatning 6 ta turli joylarda bo‘lib o‘tadi. Sport on Tour 2024da xalqaro Sport federatsiyalari, sport uyushmalari, fondlar, sport industriyasi vakillari va sportga ixtisoslashgan OAV vakillari ishtirok etadi. Italiya Kurash akademiyasi tashabbusi bilan mazkur ko‘rgazmada ilk bora Kurash sporti ham taqdim qilinadi. 15-16 iyun kunlari Rimdagi «Palazetto dello Sport» majmuasida Kurashga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Unda Kurashning tarixi, rivojlanish bosqichlari, o‘tkazilayotgan musobaqalar va Kurashning eng muhim jihatlari namoyish etiladi. Ayni paytda ko’rgazmaga katta tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.